Yotoq yarasining oldini olish: oilaga eslatma
Yotoq yarasi — doimiy bosim ostida qolgan teri va to'qimalarning shikastlanishi. Yotgan bemorda u bir necha soatda paydo bo'lishi mumkin, davolash esa haftalar, ba'zan oylar davom etadi. Shuning uchun yotgan bemorni parvarishlashda eng muhim vazifa — yaraning oldini olish. Bu eslatma uyda bemorga qarayotgan oila uchun.
Yotoq yarasi nima uchun paydo bo'ladi
Bemor uzoq vaqt bir holatda yotsa, suyak va to'shak orasidagi teri siqiladi, qon aylanishi to'xtaydi va to'qima nobud bo'la boshlaydi. Namlik (ter, siydik), ishqalanish, kam ovqatlanish va suv ichmaslik xavfni oshiradi. Ayniqsa xavfli: insultdan keyin, son suyagi singanda, qandli diabetda, keksa va juda ozg'in bemorlarda.
Qayerni tekshirish kerak
Suyak teriga yaqin joylar: dumg'aza, dum suyagi, tovonlar, kuraklar, tirsaklar, ensa, sonning yon tomonlari, quloq orqasi. Birinchi belgi — bosim olingandan keyin 20–30 daqiqada o'tmaydigan qizarish. Barmoq bilan bosganda oqarmaydigan qizil dog' — yara boshlanayotganini bildiradi.
Har kuni nima qilish kerak
Holatni har 2 soatda o'zgartiring: chalqancha, o'ng yonbosh, chap yonbosh. Bemorni sudramang — ko'tarib ag'daring, choyshab yordamida ikki kishi bilan qilsa yaxshi.
Terini quruq va toza saqlang. Ho'l kiyim va tagliklarni darhol almashtiring, terini yumshoq yuving va quriting, ishqalamang.
Terini kuniga ikki marta — ertalab va kechqurun — ko'zdan kechiring.
Bemor yetarlicha suv ichishi va ovqatlanishi kerak: oqsil (go'sht, tuxum, sut mahsulotlari) teri tiklanishiga yordam beradi.
Imkon bo'lsa, yotoq yarasiga qarshi matras va tovon ostiga yumshoq yostiqchalar ishlating.
Qachon hamshira chaqirish kerak
Qizarish o'tmasa, pufakcha, ochiq yara, qora dog' yoki hid paydo bo'lsa — yarani steril tozalash va bog'lash kerak. Uyda o'zingiz malham surtib qo'ymang: noto'g'ri ishlov yarani chuqurlashtiradi. Isitma, yiring yoki yara tez kattalashsa — shifokorga murojaat qiling.
HamshiraGo hamshirasi uyga kelib yarani ko'radi, tozalaydi, bog'lam qo'yadi va oilaga bemorni to'g'ri ag'darish va terini parvarishlashni ko'rsatadi. Yotgan bemor parvarishi — soatiga 500 000 so'm, bog'lam — 150 000 so'mdan, kun bo'yi parvarish uchun sidelka — sutkasiga 500 000 so'mdan. Har kuni 8:00 dan 22:00 gacha.
Ko'p beriladigan savollar
Yotoq yarasiga qarshi matras kerakmi? Bemor uzoq yotsa — ha, u bosimni taqsimlaydi. Lekin matras holatni o'zgartirishni almashtirmaydi: baribir har 2 soatda ag'darish kerak.
Qizargan joyni massaj qilsa bo'ladimi? Yo'q. Qizargan joyni ishqalash to'qimani yanada shikastlaydi. Bosimni olib tashlang va terini quruq saqlang.
Yotoq yarasi bor bemorni qancha tez-tez bog'lash kerak? Shifokor yoki hamshira yara holatiga qarab aytadi — ko'pincha har kuni yoki kunora. Yiring, hid, isitma bo'lsa — shifokor ko'rigi kerak.
Oila buni o'zi uddalay oladimi? Ko'p narsani — ha: ag'darish, gigiyena, ovqatlantirish. Hamshira birinchi tashrifda bularni ko'rsatadi, keyin esa yara parvarishi va muolajalar uchun keladi. Kun bo'yi qarab turadigan odam bo'lmasa — sidelka.